Sharofatxon "mol”ga to‘la ikkita kat-ta-katta sumkasini yerga qo‘yarkan, og‘ir "uf” tortib, bir oyogi sinaman-sinaman deb turgan stulga tap etib o‘tirib oldi. — Shunaqa charchadim, — dedi chapillatib saqich chaynarkan. — Oyoqlarim sinib ketay deyapti. Sharofatxon go‘yo shu bilan oyoqlari tuzalib qoladigandek, tirsillab yotgan boldirlarini silab-silab qo‘ydi. Keyin saqichini og‘zidan olib stol ustida turgan likopchaga yopishtirib qo‘ydi-da, bankadagi muzdek choyni oxirigacha simirdi. — Nima ovqat qilyapsiz? Shu paytgacha xotinini indamay eshitib turgan Zuhriddin nihoyat tilga kirdi. — Sho‘rva, — dedi xotiniga qo‘rqa-pisa qarab. — Nima?! Sho‘rva?! — Sharofatxonning ko‘zlari olayib ketdi. — Charchab kelib shildiragan sho‘rvangizni ichamanmi?! Baquvvatroq ovqat qilsangiz o‘lasizmi?! Palovmi, mantimi — ishqilib, qorinda turadiganrog‘idan... Shuniyam aytib ketishim qoluvdi endi! Zuhriddin rahbaridan bir dunyo tanqid eshitgan xodimdek aybdorona jilmayib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. — Uzr, xonim bilmabmiz. Qaynoq sho‘rva charchoqni oladi deb... — ?e, o‘sha sho‘rvangizga ham... — Sharofatxon so‘kina-so‘kina yotoqxonaga kirib ketdi. — Mening xalatim qani?! — shang‘illadi u o‘sha yokdan. — Yuvib-dazmollab, shkafga osib qo‘yganman, — stolga dasturxon yozayotgan Zuhriddin jur’atsizgina so‘radi: — Nima ichasiz — choymi, kofemi?! — Choy damlayvering, — yana shang‘illadi Sharofatxon. — Kofe ichib uxlolmay o‘laman. Keyin kallam pishmay qoladi... Achchiqroq bo‘laversin! Zuhriddin stol ustiga hamma narsani tayyorlab qo‘yganda, Sharofatxon yo‘l-yo‘lakay xalatining tugmalarini qadab, yotoqxonadan chiqib keldi. Dasturxondagi noz-ne’matlarga bir-bir qarab chiqdi-da, ko‘ngli to‘ldi shekilli, iljayib qo‘ydi. — Yaxshi-i... — Bolalarni bog‘chadan olib kelaveraymi? — xotiniga mo‘ltiradi Zuhriddin. — Soat besh bo‘pqoldi. Sharofatxon erini koyib tashlagisi keldi-yu, og‘zidagi luqmasi gapirishga yo‘l qo‘ymadi, chog‘i, "Boravermaysizmi?..” deb o‘shqirdi. — Agar choyingiz tugasa, chovgumda qaynab turibdi, — Zuhriddin shunday deb endi eshikka yo‘nalgandi, Sharofatxon to‘xtatdi. — Ko‘chadan besh-oltita tuxum obkeling, — dedi eriga ikkita ming so‘mlik uzatarkan. — Men sho‘rvangizni icholmayman. Suyuqlik qorin tuydirarkanmi?! Boring tezroq!.. Zuxriddin shalviragancha chiqib ketdi... Yarim soatlardan so‘ng yo‘lakdan Zuhriddinning "Baqirmanglar, oyingning boshi og‘rib qoladi”, degani, shu bilan birga bolalarning baqir-chaqiri eshitildi. Bu paytda Sharofatxon mehmonxonadagi divanda yonboshlagancha televizor ko‘rardi. — Oyi! Oyi! — baqirdi kichkina Zufar Sharofatxonning bilagiga osilib. — Biz-chi, bog‘chada zo‘r o‘yin o‘ynadik... — Salom qani, tirrancha?! Men senga nima deganman?! Zufar qovog‘ini solib ming‘irladi: — Assoleykum... Onasining "Salom qani?” deganini eshitib qolgan Shohista kira solib baqirdi: — Assalomu alaykum, oyijom! Sharofatxon mamnun jilmayib qizini maqtab qo‘ydi: — Malades, Shohista. ?ar doim shunaqa qilgin. Zufarning jahli chiqib, Shohistaga o‘qrayib qaradi. Keyin bir nima esiga tushdi, shekilli, hiringlab kuldi. — Oyi! Shohis-chi, bugun bog‘chada siyib qo‘yibdi... — Nima devossan?! — Shohista ukasiga yopishdi. — Aldavossan! — Aldamayapman. Bog‘chapang aytdi-ku! — chinqirdi Zufar Shohistaning sochlariga chang solarkan. Sharofatxon baqirib berdi: — O‘chirlaring ovozingni! Janjallaring qursin! — xuddi shu asnoda eshikdan mo‘ralagan Zuhriddinga zahrini sochdi: — Bularning ovqatini yedirmaysizmi?! Boshimni og‘ritib tashlashdi. Jonimga tegib ketdi. Opchiqing! Zuhriddin itoatkorlik bplan xotinining amrini bajarishga kirishdi: bolalarning kiyimini almashtirdi, ovqatlantirdi. Bolalar o‘z xonasiga kirib ketgach, Zuhriddin uchta tuxumni qovurdi-da, xotinini chaqirdi. — Xonim, ovqatingiz tayyor bo‘ldi. Sharofatxon chiqavermagach, Zuhriddin mexmonxonaga mo‘raladi. Xotini qo‘lida uyali telefonini ushlagancha pishillab uxlab yotardi. — Xonim... — ohista chakirdi Zuhriddin. — Ovqatingiz tayyor... — E-e, boring-ey, — to‘ng‘illadi Sharofatxon ko‘zlarini ochmay. — Uxlagani qo‘yasizmi?! Zuhriddin Sharofatxonning uyali telefonini olib qo‘ydi-da, yig‘ilib qolgan kirlarni yuvish uchun vannaxonaga kirdi...
|