Feysbilding (inglizcha «face» - chehra va «building» - qurilish so'zlaridan tashkil topgan) - maxsus gimnastika bo'lib, u yuzni massajchilar, plastik jarrohlar va kosmetologlarning yordamisiz taranglashtirish imkonini beradi...
Ushbu metod muallifi ingliz ayoli Kerol Madjio o'z tajribasida mazkur metodikaning samarali ekanini namoyish eta oldi. Uning "Yuz terisi va mushaklari uchun aerobika" bestsellerida taqdim etilgan 36 va 56 yoshdagi fotosuratlari buning yaqqol isbotidir. Xo'sh, feysbildingning siri nimada?
"Yuz 57 ta mushakdan iborat bo'lib, ular tana mushaklari kabi yuklamaga ehtiyoj sezadi, - deydi tibbiyot fanlari doktori, Plastik jarrohliq va kosmetologiya institutining dermatojarrohlik bo'limi mudiri Anna Stenko. - Ammo yuz mushaklari juda kamdan-kam holatlarda ishga tushadi - faqat mimika va chaynash jarayonida. Holbuki, yuz mushaklarining kam harakatlanishi - yoshga doir pstoz (terining solqib qolishi), teri so'lishi va yuz ovalidagi ko'zga tashlanadigan o'zgarishlar, ya'ni chakkalarning osilib qolishi, baqbaqa paydo bo'lishi va og'iz burchaklari osilib qolishining asosiy sababchisi hisoblanadi. Feysbilding bilan muntazam ravishda shug'ullanish mushak tonusini faollashtiradi (buning hisobiga teri taranglashadi) va qon mikrotsirkulyatsiyasini yaxshilaydi - natijada yuz silliqlashadi va kishi yoshroq ko'rinadi".
Feysbilding haddan tashqari zo'riqqan mushaklarni bo'shashtirish imkonini beradi, shu tufayli mimik ajinlar (qoshlar o'rtasidagi, burun-lab ajinlari, ko'zlar atrofidagi ajinlar) tekislanadi. Muntazam mashqlar hatto lablar hajmini oshirish imkonini ham beradi. Ammo mashqlardan mo''jizaviy natijalarni kutmang. Yoshroq ko'rinish mumkin, ammo chehrangizni o'z didingizga qarab o'zgartirishning, afsuski, iloji yo'q.
Feysbilding bilan qanday shug'ullanish mumkin?
Har kuni 10-15 daqiqa shug'ullanish kerak. Ilq natijalar atrofdagilar uchun 1,5 oylik muntazam mashqlardan keyin seziladi. Mashqlar bir tizimli bo'lishi lozim - yuz mushaklari tanadagi boshqa muntazam harakatsiz qolgan mushaklar kabi tezda tonusini yo'qotadi.
Feysbilding - o'ziga xos kuch gimnastikasidir. Barcha mashqlar yengil qarshilik orqali bajariladi. Aynan shunisi bilan ular qo'shiqchilar va aktyorlar qo'llaydigan an'anaviy antikulyatsion gimnastikadan farq qiladi. Quyida eng oddiy mashqlarni keltiramiz.
Ko'zlar uchun
O'rta barmoqlaringizni ko'z kosasining tashqi chetiga yengil bosing. Ko'zlaringizni shunday yumingki, barmoqlaringiz mushaklarning qisqarishini his etsin.
Manglay uchun
Barmoqlaringizni manglayga qo'ying: ko'rsatkich barmoqlar - sochlarning o'sish liniyasi yoniga, nomsiz, ya'ni to'rtinchi barmoqlar - qoshlarning ustki liniyasiga. Qoshlaringizni, nomsiz barmoqlar bilan ushlab turgan holda, biroz ko'taring, katta va ko'rsatgich barmoqlar bilan esa, mashqlarni bajarish paytida peshonada burmalar paydo bo'lmasligi uchun manglay terisini oldinga va pastga torting.
Lablar uchun
Lablaringizni qattiq yuming. Lablar burchaklarida paydo bo'lgan burmalarni ko'rsatkich barmoqlaringiz bilan bosing.
Yonoqlar uchun
Ko'rsatkich barmoqlarni jilmaygan paytingizda burmalar hosil bo'ladigan joylarga qo'ying. Lab burchaklarini, barmoqlaringiz bilan biroz bosgan va harakatlarga to'sqinlikqilgan holda, xuddi jilmaygandagi kabi cho'zing.
Iyak uchun
Iyak pastiga mushtlaringizni qo'ying. Qo'llarning qarshiligini yenggan holda, og'zingizni oching.
Bo'yin uchun
Pastki labingizni pastga qarab shunday tortingki, pastki tishlaringiz ko'rinsin. Agar mashqni to'g'ri bajargan bo'lsangiz, bo'yningizda mushaklar bo'rtib chiqadi.