Sensizlikka, mana o‘rganib qoldim, Oyning tili bo‘lsa, aytadi, so‘ra. Qog‘ozu qalamdan alamim oldim, Tushkunlik nafasin olishdan ko‘ra.
Qadrdon ko‘chani yolg‘iz kezaman, Qara, o‘zgarmabdi mag‘rur chinorlar. Tanish shabadaning sasin sezaman Sen haqda so‘raydi so‘ngsiz savollar…
Kunlar o‘tib ketdi birinma- ketin, Har kunning tashvishi yakkama-dukka. Endi visolingni havas qilmayin, Ko‘nikib ham qoldim eslamaslikka.
Haftalar, oy, fasl, o‘tsalar yillar, Bitib ketar ekan ishqning yarasi. Yengillik tortganday bo‘ladi dillar, Vujudni zabt etar yoshlik nafasi…
Umidlarim tilaklardan ziyoda, Bu kun omad kulib boqar yo‘limdan. Baxtliman sen kabi men ham dunyoda, Sensiz yashash kelar ekan qo‘limdan!
|