Sensiz ham bahorni kutib oldim shod, Zavq berar rango-rang ko‘klam gullari. Mahzun ishq chechagin etmay qo‘ydim yod, Umr chamanzorin kezgan kunlarim.
Sensiz tuyg‘ularim hali o‘lmadi, Yoki o‘z jonimga qilmadim-ku qasd. Sabr kosasi ham hali to‘lmadi, Yo ichib bir on ham bo‘lmadim sarmast.
Sensiz, o‘ylovdimki, yashashim mushkul, Degandim, qo‘lim ham bormaydi ishga. Hayot majbur qilib qo‘yarkan butkul, Dardni dardsizlikka almashtirishga.
Sensiz qadam bosish sekin o‘rgandim, Tetapoya qilgan go‘dak singari. Yurdim... yiqildim, so‘ng tik turib qoldim. Endi qalbim mag‘rur, qayg‘udan nari.
Sensiz baxtlilikka bo‘ldim da’vogar, Yolvorib so‘rmadim ortga qaytishni. Cho‘ldek qaqrab yotgan qonsiz yurakka, Mehrga yo‘g‘rilgan bir so‘z aytishni.
Hayot tugamagan g‘alat falsafa, Nolimam, ekan, - deb – bevafo dunyo. Ishqsiz kun kechirish mushkul-ku, lekin Yolg‘iz yashashda ham bor ekan ma’no!
|